Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 509.83 −79.52 EUR 14 520.16 −136.36 RUB 156.55 −1.09

Romitan: hosildorlik uchun ilmiy va tizimli yondashuvning o’rni yuqori

Mazkur maydonda g‘o‘zaning xorijiy “Xin Lu Zao-57” navi Xitoy agrotexnologiyasi asosida parvarish qilinmoqda. Mas’ullar ma’lumotiga ko‘ra, har bir gektar yer belgilangan tartibda ko‘chatlar bilan ta’minlangan, ekinlar 76×10 sxema asosida qo‘shqator shaklda, maxsus plyonkalarsiz ekilgan.

Hozirda ko‘chatlar sifatli rivojlanayotgan bo‘lsa-da, biroq, unuvchanlikda biroz kechikishlar kuzatilmoqda.

Vazir bu holatga izoh berar ekan, g‘o‘za navlarini yetishtirishda maxsus qoplamali plyonkalardan foydalanish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday texnologiya ekinning o‘sishi va sog‘lom rivojlanishini 20–30 kunga tezlashtirishi mumkin.

Dalada chopiq ishlari, qator oralariga ishlov berish hamda tomchilatib sug‘orish tizimlari zamonaviy intensiv texnologiyalar asosida amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Tashrif davomida vazir yondosh hududdagi “Abror, Sardor nokzorlari” fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 47 gektar paxta dalasini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu hududda xorijiy va mahalliy g‘o‘za navlari tajriba tariqasida plyonkasiz, yakkaqator shaklda ekilgan bo‘lib, har gektar yerga 150–170 ming ko‘chat qadalgan.

Ma’lumot o’rnida, “Xin Lu Zao-57” navi ko‘sak qurti va gerbitsidlarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Shu sababli unga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib bormoqda. Shunga qaramay, plyonkalardan foydalanilmagani tufayli rivojlanish jarayonida belgilangan muddatdan kechikishlar kuzatilmoqda.

Vazir ekinlar holatini baholarkan, navlarning o‘z vaqtida to‘liq yetilishini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. U mas’ullarga tizimli va ilmiy yondashuvlarni davom ettirish, hosildorlikni oshirish hamda oziqlantirishda tajribali mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish zarurligini eslatdi.

Shuningdek, u barcha agrotexnik tadbirlar Paxtachilik kengashi olimlari bilan hamkorlikda va ular ishlab chiqqan uslubiy qo‘llanmalar asosida olib borilishi lozimligi qayd etdi.