Qorakoʻl yoki qoraqul qoʻy zoti – moʻynali terisi uchun boqiladigan dagʻal junli qoʻy zoti. Bu zot bir necha yuz yillar oldin hozirgi Oʻzbekiston (Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani) hududida jaydari qoʻylarni xalq seleksiyasi usulida uzoq vaqt tanlash va chatishtirish natijasida yaratilgan. Ba’zi arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Qorako’l qo’ylari u yerda miloddan avvalgi 1400-yildan boshlab doimiy ravishda boqib kelinmoqda.
Oʻrta Osiyoning choʻl mintaqalarida yashovchi qorakoʻl qoʻylari oʻzining oʻta ogʻir hayot sharoitlarida oʻsish qobiliyati bilan mashhur. Ular og’ir qurg’oqchilik sharoitida ham omon qolishi mumkin, chunki Qorako’l qo’ylari dumlarida yog‘ ko‘rinishida zaxira saqlaydilar.
Qorakoʻl qoʻy zoti dumli qoʻylar turiga mansub, dumining uch qismida zotga xos ilmoqnamo oʻsimta mavjud. Jun qoplami dagʻal jun turiga mansub. Koʻpchilik qorakoʻl qoʻy zotlarining boshi katta, tanasi baquvvat, dumida koʻp yogʻ toʻplanadi. Qoʻzilari qora (80%), kulrang, jigarrang, sur va boshqa tusli boplishi mumkin. Bir yarim yoshdan keyin tumshugʻi, quloqlari va oyoqlaridan boshqa joyidagi qora junlar oqara boshlaydi. Katta yoshli ona qoʻylar shoxsiz vazni 42—45kg, qoʻchqorlari yirik, burama shoxli vazni 55–60kg, yangi tugʻilgan qoʻzilarining oʻrtacha vazni 4—4,5kg. Serpushtligi 90—95%. Qorako‘l zoti asosan qo‘rako‘l terisini olish uchun ko‘paytiriladi. Mo‘ynadan tashqari qo‘zichoqlari so’yilgan ona qo‘ylardan sut, terisi sifatsiz bo‘lgan qo‘chqorlardan go‘sht olinadi. Bu zotga mansub qo‘ylarni yaylovlarda va suvli yerlada boqish teri sifatini yomonlashtirgan.