Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 136.92 +14.85 EUR 14 191.70 +4.03 RUB 159.99 +3.60

Pokistonda iqlim o‘zgarishiga mos kartoshka navlari yaratilmoqda

Pokistonning Panjob viloyatida joylashgan Kartoshka ilmiy-tadqiqot instituti (Potato Research Institute — PRI) mutaxassislari tutun va tumanli ob-havo sharoitlariga bardoshli yangi kartoshka navlarini yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Mazkur tadqiqotlar so‘nggi yillarda Panjob hududida kartoshka yetishtirish hajmi qariyb 20 foizga kamaygani bilan bevosita bog‘liq. Iqlim o‘zgarishi, havoda tutun miqdorining ortishi va sovuq urish holatlari hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Panjob Qishloq xo‘jaligi departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kartoshka 1 million akrdan ortiq maydonda yetishtiriladi va yillik o‘rtacha hosil 9 million tonnani tashkil etadi. Shunga qaramay, noqulay iqlim sharoitlari bu ko‘rsatkichlarning pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

PRI direktori doktor Syed Ijazul Hassanning ta’kidlashicha, tutun va sovuq urishi kartoshka ekinlari uchun eng xavfli omillardan biri hisoblanadi. Shu bois institut hosildorlikni barqarorlashtirish va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida tutunga chidamli navlar ustida faol ish olib bormoqda.

Mutaxassislar fikricha, tutun fotosintez jarayonini susaytiradi, kasalliklarning keng tarqalishiga sharoit yaratadi hamda kartoshka tuganaklari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirga qadar institut tomonidan tumanli sharoitga moslashgan, yuqori hosildor 12 ta kartoshka navi ishlab chiqilgan. Endilikda esa ilmiy izlanishlar tutunga chidamli yangi navlar yaratishga qaratilmoqda.