Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 136.92 +14.85 EUR 14 191.70 +4.03 RUB 159.99 +3.60

Nega limon daraxti guli to‘kiladi va bunga qanday choralar ko‘rish mumkin?

Limon daraxti yil davomida odatda 3–4 marotaba gullaydi. Shulardan birinchi (aprel–may) va ikkinchi (iyun–iyul) gullash davrlari hosil shakllanishi uchun eng muhim hisoblanadi. Biroq ayrim hollarda aynan shu davrlarda gullarning katta qismi to‘kilib ketishi kuzatiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buning asosiy sabablaridan biri — qishki sovuqlar ta’sirida daraxtning zaiflashishidir. Agar limon daraxti qish faslida sovuqdan zarar ko‘rgan bo‘lsa, bahor kelishi bilan u avvalo o‘zini tiklashga harakat qiladi. Natijada esa barg va gullarni tashlab yuborish holatlari yuzaga keladi.

Limon — yorug‘liksevar o‘simlik. Yorug‘lik yetishmasligi, shuningdek ortiqcha namlik ham gul va meva tugish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, qish davomida ko‘p barg yo‘qotgan daraxt bahorda barcha kuchini yangi barg chiqarishga sarflab, hosil berishni ikkinchi o‘ringa surib qo‘yishi mumkin.

Shu sababli bahor oylarida:

  • daraxtning sog‘lom barg chiqarishiga e’tibor berish,
  • sug‘orishni me’yorida amalga oshirish,
  • yetarli shamollatish sharoitini yaratish,
  • kasallik va zararkunandalardan himoya qilish juda muhim hisoblanadi.

Gul va meva to‘kilishining yana bir muhim omili — o‘g‘itlash tizimining noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishidir. Ayniqsa, kaliy yetishmovchiligi limon daraxti uchun jiddiy muammo sanaladi. Kaliy mevaning daraxtda ushlanib qolishi va to‘g‘ri rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari, azot va fosfor tanqisligi ham daraxtning umumiy holatini zaiflashtirib, hosildorlikni kamaytiradi. Shu bois limon daraxti uchun maxsus ishlab chiqilgan, kaliyga boy kompleks mineral o‘g‘itlardan foydalanish, o‘g‘itlash ishlarini esa bahor va yoz oylarida olib borish tavsiya etiladi.