Payvand qilish tadbirlari asodan avgust oyida amalga oshiriladi. Avvalo, sifatli ko‘chat yetishtirish uchun sifatli payvandtag zarur.
Ular to‘rt xil usulda ko‘paytiriladi:
➖ mevani pishib yetilgan urug‘lari, yong‘oq hamda danaklarini maxsus qumlar yoki biogumusga ko‘mib undirib olish yo‘li orqali;
➖ kurtaklari pishib yetilgan yashil qalamchalarining o‘rta qismidan kesib olinib, fitoregulyatorlar bilan ishlov berib, undirib olish yo‘li orqali;
➖ asosiy tanadan uzilmagan holatida novdalarni tuproqqa ko‘mish orqali;
➖ o‘simliklarni apikal meristemalaridan foydalangan holda steril sharoitida sun’iy ozuqa muhitlarida klonli mikroko‘paytirish orqali.
Danak mevali payvandtaglar
GF 677 – shaftoli-bodom gibrid kuchli ildizpoya hisoblanadi. Ohak, yuqori pH va unumsiz tuproqlarga juda chidamli. Shaftoli deplantatsiyasi sodir bo‘lgan hududlarda qayta ekish uchun tavsiya etiladi. GF 677 da payvand qilingan mevali daraxtlar yanada sifatli hosil beradi.
GxN5 – ildizi ohakli va juda og‘ir tuproqqa moslashishi mumkin. Temir xloroziga chidamli. Shaftoli deplantatsiyasi sodir bo‘lgan hududlar uchun tavsiya etiladi. Bu meva hosildorligi va sifatiga yaxshi ta’sir qiladi.
Krymsk 5 – gilos payvandtagi payvandlangan daraxtlarning bo‘yi o‘rtacha 2,5-3 metr bo‘ladi. Novdalari o‘rtacha qalinlikda, tuksiz. Ildiz tizimi baquvvatligi tufayli, og‘ir, zich tuproqlarga chidamli. Qahraton sovuqlarga ham chidamli (-12°C).
Krymsk 86 – ushbu payvandtag ham gilos payvandtagi bo‘lib, payvandlangan daraxtlarning bo‘yi o‘rtacha 2,5-3 metr bo‘ladi. Ildiz tizimi baquvvatligi tufayli ildiz bachkilar bermaydi, og‘ir tuproqlarda ham yaxshi o‘sadi va -12°C haroratda ham nobud bo‘lmaydi.
Fortuna payvandtagi – danak mevali o‘simliklar uchun universal payvandtaglar hisoblanib, ildiz tizimi baquvvatligi tufayli, og‘ir, zich tuproqlarga chidamli. Qahraton sovuqlarga bardoshli (-12°C).
Best 1 – ushbu payvandtag o‘rik payvandtagi bo‘lib, payvandlangan daraxtlarning bo‘yi o‘rtacha 2,5-3 metr bo‘ladi. Og‘ir, zich tuproqlarga chidamli. Payvand qilingan o‘rik navlarini hosildorligi yuqori bo‘ladi.