Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 003.18 +13.09 EUR 13 987.31 +12.86 RUB 156.68 −1.27

Dala chetlarida sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish texnologiyasi

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarining asosiy qismi – fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular o’zlariga biriktirib berilgan yer maydonlardan oqilona foydalanish hamda elimiz dasturxoni to‘kin bo‘lishi barobarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga katta hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Ma’lumki, respublikamizda paxta va g‘alla katta maydonlarda yetishtiriladi, ushbu ekinlar ekilgan maydonlar chetlaridan samarali foydalanish, qushimcha mahsulot ishlab chiqishga va fermerlar daromadini oshirishga zamin bo‘la oladi.

Bunda asosiy ekinga qo‘shimcha tarzda, dala chetlarida sabzavot va poliz yetishtirish tavsiya etiladi. Buning uchun ushbu ekinlarini yetishtirish texnologiyasini bilish lozim.

Quyida respublikamiz viloyatlarida joylashgan xo‘jaliklarda kichik maydonli 3, 6, 10 sotix va undan ham ko‘proq yer maydonlarida qanday va qaysi muddatlarda sabzavot va poliz ekinlarini ekish ko‘rsatilgan.

Mamlakatimizda 5 muddatlarda sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirsa bo‘ladi:

• erta bahorda fevral oyining ikkinchi yarmidan boshlab, to 10-martgacha sabzi, oqbosh va gul karam, piyoz, rediska va barcha ko‘kat sabzavotlarni;

• kech bahorda aprel-may oylarida issiqsevar sabzavotlarni ko‘chati bilan pomidor, bodring, shirin qalampir, baqlajon, poliz ekinlarining hammasini hamda o‘rta muddatlarda yetishtiriladigan oqbosh karam ekiladi;

• ertagi sabzavotlar va g‘alladan bo‘shagan yerlarga iyun oyida karamning kechpishar navlari hamda 15-iyulgacha sabzi, osh lavlagi, kartoshkaning o‘rtapishar va ertapishar navlari va bodring ekinlari ekiladi;

• yozning oxiri avgust oyining boshida turp, sholg‘om va oyning ikkinchi yarmidan boshlab piyoz urug‘i sepiladi;

• kuz oyining boshida sentabrning o‘rtalarida sarimsoq (chesnok) ekiladi. Gul karam ko‘chatini, rediska va barcha ko‘kat sabzavotlar ekiladi. Kuzning oxirgi oyida to‘qsonbosti qilib, noyabrdan to 10-dekabrgacha piyoz, sabzi, osh lavlagining erkaklab ketmaydigan navlari ekiladi.