Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 439.41 −81.37 EUR 14 583.96 −50.33 RUB 151.87 −1.83

Mandarinni uy sharoitida yetishtirishda nimalarga ahamiyat berish lozim?

Mandarin – nafaqat mazali va xushbo‘y sitrus mevasi, balki uyingiz uchun ajoyib, yashil bezak hamdir! Har bir inson uni uyda tuvakda o‘stirishi mumkin. Buning uchun eng asosiy qoidalarni bilish va ularga rioya qilish kerak.

Dastlabki qadam – to‘g‘ri urug‘ tanlashdir. Masalan, gibrid (duragay) mandarin urug‘lari tezroq o‘sadi, barvaqt gullaydi va shirin mevalar beradi. Danakchalar yupqa, singan yoki uchi qoraygan bo‘lmasligi kerak. Birgina tuvak uchun kamida 5 ta urug‘ ekish kerak.

To‘g‘ri tuproq – muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Mandarin sho‘r tuproqni yoqtirmaydi, shuning uchun to‘g‘ri substrat tanlash muhim. pH 6,5-7 darajadagi tuproq eng ma’quli hisoblanadi. Mustaqil ravishda tayyorlashni istasangiz:

➖200 gr chirigan chirindi,
➖200 gr daraxt barglaridan hosil bo‘lgan chirindi,
➖100 gr daryo qumi aralashtirib, mandarin uchun ajoyib tuproq tayyorlash mumkin.

Urug‘ qanchalik tez yerga ekilsa, shunchalik tez unib chiqadi. Shuning uchun olgan zahoti 4 sm chuqurlikka tuproqqa ekish kerak. Agar vaqt o‘tkazib yuborilsa, danakchalarni 2-3 kun suvda ivitish tavsiya qilinadi. Bir oy ichida ilk ko‘katlar paydo bo‘ladi.

Bu davrda tuproqning namligi va havo haroratini kuzatib borish muhim! Harorat +20°C dan pastga tushmasligi, +25°C dan oshmasligi zarur. Haddan tashqari suv qo‘yish mumkin emas, shu qatori tuproqni haddan tashqari quritish ham yaxshi emas.

Ko‘chatlarga qanday g‘amxo‘rlik qilish kerak?

➖5 yoshgacha – muntazam sug‘orib, toza havoga olib chiqish kerak.
➖5 yoshdan keyin – qishda +10..12°C haroratda kamroq sug‘oriladi va «qishki uyqu»ga tayyorlanadi.
➖Bahorda +16..18°C haroratda mandarin gullay boshlaydi!
➖5-6 yoshga yetganida – ilk mevalarni beradi!