Sarimsoq yerga ekilgandan so‘ng sug‘orish egatlari tiklanib, o‘q ariqlar olinadi va maysalatish suvi beriladi. Uning 1-2 bargi ko‘rinishi bilanoq qator oralarini yumshatish, begona o‘tlardan tozalash va chopiq qilish kerak bo‘ladi.
Qish mavsumi kirguniga qadar sarimsoqning yer ustki va ostki qismlari kuchli rivojlanib ulgurishi, uning qattiq xatarli sovuqlarga chidamliligini oshiradi.
Maysalashidan keyinroq tuproq yuzasini yengil chopiq qilish orqali begona o‘tlar yo‘qotiladi. So‘ng yana sug‘oriladi. Keyingi chopiq chuqurroq, ya’ni 8-10 sm qilib qo‘lda chopiladi va o‘simliklarni tuproq bosmasligi uchun egatlar olinadi.
Sarimsoqqa KRN-4,2 kultivatori bilan 2-3 marta 12-15 sm chuqurlikda ishlov berish ham samaralidir. O‘sish davrida 4-6 marta chopiq o‘tkaziladi. Uni chirindi bilan mulchalash ham hosildorlikni oshiradi.
Erta bahorda pushtalardagi begona o‘tlar qo‘lda yulinib, tuproq yumshatiladi, o‘sib chiqayotgan gulpoyalar barvaqt sindiriladi. Unday qilinmasa, sarimsoq o‘smay qoladi va hosil pasayadi. Bu tadbir ham hosildorlikni 25-40% ga oshiradi.