Ko‘chat uslubi odatdagicha urug‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerga ekishga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Oshqovoq ko‘chati odatda 30-80 kun mobaynida o‘stiriladi. O‘simlik rivojlanishidagi erishilgan ilgarilash erta hosil olish imkonini beradi. Erta olingan hosilni yuqori baholarda sotish qo‘shimcha daromad olishni taʼminlaydi. Ilgarilash tufayli ko‘chat uslubi o‘sish davrini cho‘zish imkonini beradi. Bu oshqovoq hosildorligini oshiradi va o‘sish davri uzoq davom etadigan, ammo issiqlik yetishmaydigan hamda urug‘dan ekilganda hosilni to‘liq to‘play olishga sharoit bo‘lmaydigan shimoliy mintaqalarda issiqsevar ekinlarni yetishtirishga va u yerdagi sabzavotlar turini boyitishga imkon yaratadi.
Ko‘chat uslubi oshqovoq va boshqa poliz ekinlari hayotining boshlarida yerga bo‘lgan ehtiyojini kamaytiradi. Ularni ozuqa, namlik, issiqlik, yorug‘lik va boshqa omillar bilan yaxshiroq taʼminlash, hali zaif nihollarni zararkunandalar, kasalliklar, begona o‘tlardan yaxshiroq himoya qilish, ularga qarshi kurashda mehnat sarfini kamaytirishga imkon bo‘ladi. Ko‘chat uslubida urug‘ sarfi doimiy joyga ekilganiga ko‘ra 3-7 marta kamayadi. Himoyalangan yer sharoitida o‘simliklarni ko‘chat orqali yetishtirish mahsulot chiqish davrini uzaytirib, sunʼiy yoritish manbalaridan iqtisodiy tomondan samarali foydalanishga imkoniyat yaratadi. Tannarxining yuqoriligiga qaramay ko‘chat uslubi iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi va u sabzavotchilikda keng miqyosda qo‘llaniladi.