Sigirlar sutini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash uchun eng avvalo, sog‘ish texnikasini to‘g‘ri qo‘llashga rioya qilish kerak. Sigirni sog‘ishga tayyorlash jarayonida yelinni iliq suv bilan yuvish, toza sochiq bilan artish va uqalashga alohida e’tibor beriladi. Chunki shu usul sigirning sut berishini tezlashtiradi va natijada yelinda hosil bo‘lgan sut batamom sog‘ib olinadi. Yelinning sut berish tezligi muhim sifat ko‘rsatkichlariga kiradi. Uning tezligi 1 kilogramm sut olish uchun ketgan vaqt bilan o‘lchanadi. Birinchi bor tug‘gan sigirning sut berish tezligi bir minutga 1,0-1,2 kilogramm va katta sigirlarda — 1,2-1,5 kilogramm bo‘lishligi normal hisoblanadi.
Sigirning sut berish tezligi bilan sut mahsuldorligi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjud. Sigir qanchalik sersut bo‘lsa, uning sut berish tezligi shuncha yuqori bo‘ladi. Sersut sigirlarni kuniga 3-4 marotaba sog‘ish va sog‘ishdan avval yelinini uqalash sut bezlarining faoliyatini kuchaytiradi. Sut mahsuldorligini oshirishda sog‘ish texnikasi o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Sog‘ish texnikasi 2 usulda bajariladi: qo‘lda va mashinada. Qo‘lda sog‘ish usulining 2 xili mavjud. Birinchisida barmoqlar bilan yelin so‘rg‘ichlarini yuqoridan pastga qarab cho‘zib sog‘iladi. Ikkinchisida qo‘lni mushtum holida yelin so‘rg‘ichlarini tutamlab barmoqlar bilan siqib sog‘iladi. Mushtum uslubida sog‘ish qulay va maqbul hisoblanadi. Chunki bu usulda yelin xolatiga va ishlashiga yaxshi ta’sir ko‘rsatish bilan birga sutning yog‘liligini oshiradi.
Xo‘jaliklar, fermerlar va xattoki aholining shaxsiy xo‘jaliklarida xam sigirlarni apparatlar bilan sog‘ish tavsiya etiladi. Bunda birinchidan, ishlab chiqarish unumdorligi oshadi va sog‘uvchilar unchalik charchashmaydi. Ikkinchidan yelinning jami pallasidan bir yo‘la sut sog‘ib olinadi. Ma’lumki, sog‘ishni boshlashda yelin pallalaridan bir vaqtning o‘zida sut keladi. Qo‘lda esa yelinning 4 pallasi 2 tadan navbatma-navbat sog‘iladi. Natijada sutning ma’lum bir miqdori sog‘ishga navbat kutib turgan yelin pallalarida qolib ketishi va to‘liq sog‘ilmay qolishi mumkin. Sigirlarni sersut qilish — sut mahsuldorligini ko‘tarishda va naslchilik ishlarida katta ahamiyatga ega. Sigirlar sersutligini ko‘tarish uchun sog‘imni rejalashtirish, bug‘oz sigirlarni dam olish davrida parvarishlash va tug‘ishga tayyorlash, sog‘in sigirlarni to‘yimli oziklantirish, sigirlarni o‘z vaktida urug‘lantirish tavsiya etiladi. Bug‘oz sigirlarni dam olish uchun o‘z vaktida sutdan chiqarishga ahamiyat beriladi. Buning uchun ularning qochirilgan vaqtini aniqlab, homilaning yetginchi oyligi oxiri va sakkizinchi oyligi boshida 5-6 kun davomida sigirlar sutdan chiqariladi. Sutdan chiqarishda oziklantirish me’yorini pasaytirishga, ozukaning shirali va kuchli qismini kamaytirishga e’tibor karatiladi. Sigir yelini mastitga chalinganligiga tekshiriladi. Sog‘ish soni kamaytirilgan holda kunora sog‘ilib sutdan chikariladi. Dam olishga chiqqan sigirlarni aloxida saqlash, maxsuldorligi, yoshi va tirik vazniga qarab oziklantirishga e’tibor beriladi.