Meva daraxtlarining sho‘rga chidamliligi ko‘p jihatdan ularning turiga, naviga, individual xususiyatlariga va payvandlariga bog‘liq. Unumdor yerlarda va organik o‘g‘itlar solingan sharoitda mevali daraxtlar ancha yuqori darajadagi sho‘rlanishga chiday oladi.
Olmaning turli navlari xlorga nisbatan turlicha darajada chidamlilikka ega. Masalan, turkman olmasi sho‘rga chidamli hisoblanadi. Simerenko kamroq chidamli, rozmarin navlari esa sho‘rga anchagina chidamlidir.
Nok olmaga qaraganda sho‘rga chidamliroq bo‘ladi. Xorazm viloyatida ko‘proq yetishtiriladigan nokning mahalliy navlari – olmurut va shakar-murutlar sho‘rlanishga juda chidamli.
O‘rik – sho‘rga chidamli meva turlaridan biri, ammo bu jihatdan u nokdan keyinda turadi. Lekin o‘rikning nokdan ko‘ra sho‘rga chidamliroq mahalliy turlari bor. Qizilpolvon, kuzgi, xorazmiy, oqpayvandi, qoraqalpoq, Xiva to‘q-sariq navlari shular jumlasidandir.
Olxo‘ri tuproq sho‘riga chidamlilik jihatidan o‘rikdan keyinda turadi. Xorazmda o‘sadigan va mahalliy aholi tanosul deb ataydigan qora olxo‘ri va o‘rik-tog‘olcha tuproq sho‘riga juda chidamli bo‘ladi.
Gilosni olchaga qaraganda chidamliroq deb bo‘lmaydi. Shaftoli ham xuddi shunday. Anjir va anor sho‘rga birmuncha chidamlidir. Xurmoni chidamlilar sinfiga kiritish mumkin. Qulupnay esa bu borada maqtaladigan emas. U sho‘rga nisbatan chidamsizdir.