Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 509.83 −79.52 EUR 14 520.16 −136.36 RUB 156.55 −1.09

Kartoshka hosilini yig‘ish va saqlash usullari

Kartoshka hosili o‘simlikning palaklari sarg‘ayib, pastki barglari qurigach, tuganak po‘sti qalinlashgach, oktyabr oxiri noyabr oyi boshlarida yig‘ib olinadi.

Ko‘pchilik hollarda kartoshka o‘sib turgan palagi bilan kovlanadi. Hosilni mashinalar yordamida yig‘ib olishni osonlashtirish uchun palak yuladigan kosilkalardan foydalaniladi. Kartoshka kovlangandan keyin dalaning o‘zida bir necha soat davomida quritiladi va mayda-yirikligiga qarab saralanadi. Bunda vazni 25-30 g dan yuqori bo‘lgan yirik va o‘rtacha tuganaklar tovar mahsulot sifatida ajratiladi. Mayda va shikastlangan tuganaklar brakka chiqariladi.

Yog‘inli kunlarda kovlangan kartoshka ombor yoki usti berk bostirmalarda 2-3 kun davomida quritiladi. Agar hosilni yig‘ish davrida qora sovuqlar tushib qolgudek bo‘lsa, sovuq urgan tuganaklarni aniqlash maqsadida kartoshka issiq binolarda bir necha kungacha saqlanadi. Bunda sovuq urgan tuganaklarning hamma qismi yoki ayrim joylari yumshab, ajralib qoladi.

Yetishtirilgan kartoshka hosilining uchdan bir qismi yig‘ishtirish, tashish, saralash va saqlash mobaynida nobud bo‘ladi.

Nobudgarchilikni keskin kamaytirish uchun dalalar hosilni yig‘ishga tayyorlanishi, mexanik shikastlanishga yo‘l qo‘ymasligi, saqlash rejimiga qat’iy rioya qilish lozim. Ayniqsa, xo‘raki va urug‘lik kartoshkani saqlashga katta ahamiyat berish talab qilinadi.

Kartoshka kovlangandan keyin tuganaklar 20-30 kun davomida kuchli nafas oladi va vaznini ancha yo‘qotadi. Kartoshka qorong‘i joyda, havo namligi va harorat yuqori bo‘lgan sharoitda saqlansa, tuganaknnng shikastlangan qismida po‘kaksimon to‘qima hosil bo‘ladi. Bu to‘qima tuganakni nam yo‘qotishdan va uning ichiga mikroorganizmlar kirishdan saqlaydi.

Uzoq muddatga saqlanishi uchun xo‘raki va urug‘lik kartoshka quruq sog‘lom, toza hamda mexanik shikastlanishlardan holi bo‘lishi lozim. Yig‘ishtirishda shikastlangan tuganaklarda nafas olish hamda so‘lish jarayonining aktivlashishi oqibatida ko‘p quruq modda yo‘qoladi. Chirituvchi mikroorganizmlar kirib, ularni nobud qiladi. Yig‘ishtirish chog‘ida asosiy e’tibor kovlovchi mexanizmlar kartoshkani mexanik shikastlanishdan saqlashga qaratilmog‘i lozim.

Kovlab olingan kartoshka uzoq saqlanishgacha aralashmalardan tozalanadi, saralanadi, shikastlangan tuganaklardan ajratiladi. Bu ishlar dalada yoki maxsus punktlarda yig‘ish usuliga, ob-havo sharoitiga kartoshka biologik holati va foydalanishiga, saqlash xiliga qarab kuzdan kechiriladi. Kartoshka saqlash uchun asosan omborxonalardan, qisman esa yamalardan foydalaniladi. Eng qulay va samarali usul omborxonalardan foydalanishdir. Chunki, unda harorat va namlikni boshqarish mumkin.