Pomidor barglarining buralib qolishi – bu o‘simlik organizmining aniq bir signalidir. U odatda noto‘g‘ri sug‘orish, agrotexnika qoidalariga rioya qilinmasligi yoki muhitdagi salbiy o‘zgarishlar sabab yuzaga keladi. Bu holatni erta aniqlash va to‘g‘ri choralar ko‘rish o‘simlik hosildorligini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Asosiy sabablar
- Suv tanqisligi: Suv yetishmovchiligi pomidor barglarining yuqorisidan boshlab so‘lishi va ichkariga qarab “qayiqqa o‘xshab” buralishiga olib keladi.
- Ortib ketgan namlik: Doimiy va haddan ortiq sug‘orish, ayniqsa, yomg‘irli ob-havo sharoitida barglarning tashqariga burilishi kabi holatlar kuzatiladi.
- Noto‘g‘ri sug‘orish usuli: Ko‘pchilik dehqonlar ko‘p sug‘orishdan qo‘rqib, suvni oz miqdorda, lekin tez-tez beradi. Natijada namlik faqat tuproq yuzasida qolib, chuqurroq joylashgan asosiy ildiz – o‘q tomirga yetib bormaydi.
Oqibatlar
- Barglarning funksiyasi buziladi, fotosintez kamayadi;
- O‘simlikning o‘sish sur’ati sustlashadi;
- Hosildorlik keskin kamayadi;
- Zamburug‘li kasalliklarga moyillik ortadi.
Bunday holatlarning oldini olish uchun nimalar qilish kerak?
- Avvalo, tomchilab sug‘orish tizimini joriy etish lozim. Bu usul suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ildizga uzatadi, ortiqcha bug’lanishni oldini oladi.
- Shuningdek, tuproqni muntazam yumshatib turish ham foydali amaliyotdir. Bu sug‘orilgan suvning tuproqqa yaxshiroq singishiga va namlikning me’yorda ushlanishiga yordam beradi. So’ng, yer yuzasini mulchalash zarur. Bu namlikni uzoq ushlab turadi, tuproqni qizib ketishdan himoya qiladi.
Qisqacha aytganda, pomidor bargining buralishi – bu e’tiborsizlik natijasi emas, balki noto‘g‘ri agrotexnik usullar oqibati. To‘g‘ri sug‘orish, yerga to‘g‘ri ishlov berish va mulchalash orqali bu muammoni oson bartaraf etish mumkin.