Zaytun – zaytundoshlar oilasiga kiruvchi o‘simliklar sirasiga kiradi. U O‘rta yer dengizi havzasidagi eng muhim mevali daraxtlardan biri hisoblanadi.
Zaytun daraxti 4-12 metr balandlikkacha o‘sadi. Uning mag‘zida 30% gacha moy, oqsil, vitamin С va karotin mavjud. Shuningdek, u suvsizlikka chidamli, 13-18°C sovuqqa bardosh bera oladi. E’tiborlisi, zaytun 300-400 yil, ba’zi turlari 1000 yilgacha yashaydi. Unumdor, qumoq va qumloq, ohakli tuproqlarda esa yaxshi o‘sadi va rivojlanadi.
Bu o‘simlik urug‘laridan, qalamchalaridan, bachkilari va payvandlash yo‘li bilan ko‘paytiriladi. Urug‘lari tuproqqa ekilganda juda kech unib chiqishini hisobga olib, dastavval namli qumlarga ko‘mgan holda ko‘kartirib, keyin ekish lozim. Shunda rivojlanishi tezlashadi.
Zaytunga -10°C dan past bo‘lgan sovuq havo salbiy ta’sir qilishi mumkin. Natijada barglari va po‘stlog‘iga zarar yetadi va to‘kilishni boshlaydi. Haddan tashqari nam harorat daraxt ildizini chiritib yuborib, daraxtni turli kasalliklarga duchor qiladi.
Shunday ekan, daromad va shifo keltiruvchi bu daraxtni ehtiyotkorlik bilan parvarishlash zarur. Uni tabiiy organik moddalar, mulch va kompost bilan to‘yintirib borish tavsiya etiladi.