Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan mamlakatimiz hududlarida yangi zamonaviy issiqxonalar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlash, gulchilikni rivojlantirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent tumanida so‘nggi yillarda gulchilik sohasi jadal rivojlanib, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda aholi tomorqalarida bu yo‘nalish tobora daromadli sohaga aylanmoqda.
Gulchilik – bu gulli manzarali o‘simliklarni bog‘ va xiyobonlarga, yo‘l yoqalariga ekish, binolar ichki makonini bezash, guldastalar tayyorlash kabi maqsadlarda yetishtirish bilan bog‘liq dehqonchilik sohasi. Gullarning aksariyati ochiq maydonlarda yoki isitiladigan issiqxonalarda parvarish qilinadi.
Tumanda so‘nggi uch yil ichida “Bahor gullari”, “FURLAAN”, “Bo‘chi Agro”, “Ubaydulla bog‘lari”, “Inovatsion ilm bog‘i”, “Daily Green” kabi ilg‘or xo‘jaliklar tashkil etilib, bu orqali gul va manzarali o‘simlik ko‘chatlari, qalamcha va urug‘lari, tuvakdagi dekorativ gullar yetishtirish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilga nisbatan bu yo‘nalishdagi mahsulot yetishtirish hajmi 3 barobarga oshib, yiliga 150 million dona gul va o‘simliklar yetishtirilmoqda. Mazkur mahsulotlar nafaqat poytaxt va boshqa viloyatlarga, balki MDH davlatlariga ham eksport qilinmoqda.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi gulchilik sohasida olib borilayotgan islohotlarni yanada kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqaruvchilarga metodik va moliyaviy ko‘mak berish, muammolarni joylarda o‘rganib, ochiq muloqot asosida ularni bartaraf etishga doimo tayyor ekanini ma’lum qilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ochiq yer va issiqxona usulini uyg‘unlashtirib olib borish, yil davomida sifatli va eksportbop gul mahsulotlarini yetishtirish imkonini bermoqda. Bu esa nafaqat mahalliy bozor, balki tashqi bozorlarda ham O‘zbekiston gulchilik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Manba: Agro.uz