Qizil lavlagi qadimiy o‘simlik bo‘lib, dunyoning barcha davlatlarida yetishtiriladi. Uning 10 ga yaqin turlari bor. Ulardan 4 tasi mashhur va insoniyat uchun foydali xususiyatlarga ega. Xashaki, qand, xo’raki va barg lavlagi shular jumlasidandir.
U sovuqqa chidamli, tuproq tanlamaydi, sho‘r va nam tuproqlarda ham hosil beraveradi. Ildizmevasi qizg‘ish, poyasi to‘g‘ri o‘sadi, barglari navbatma-navbat joylashgan, cho‘zinchoq, uzun bandli, gullari mayda. U asosan iyundan boshlab gullaydi.
Ushbu lavlagining barcha navlarini O‘zbekistonda yilning istalgan faslida, uy sharoitida, xonadonlarda tuvaklarda, maxsus yog‘och qutilarda yoki issiqxonalarda hamda erta bahordan ochiq maydonlarda ham yetishtirish mumkin. Urug‘i yaxshi pishib yetilganidan so‘ng quritib olinib, keyin ekiladi.
Agarda lavlagi uy sharoitida yetishtirilsa tuproq harorati 20-25 gradus bo‘lishi lozim. 5-8 kundan keyin urug‘lardan yosh nihollar unib chiqadi. Nihollarni balandligi 20-25 sm bo‘lganda tuproq namligiga e’tibor qaratish shart.
Bahorda, mart oyidan sentabr oyigacha ochiq maydonlarga ham ekish mumkin. O‘suv davri 80-90 kun, urug‘lari tuproq harorati 10 gradus bo‘lsa 10-12 kunda unib chiqadi. Birinchi yili barg va ildizmeva beradi. Gektariga 5-7,5 kg urug‘ sarflansa, gektaridan 300-400 sentner ildizmeva hosilini beradi.
Qizil lavlagi tarkibida temir, natriy, magniy, kaltsiy, fosfor va B, A va C guruhlariga kiruvchi vitaminlar mavjud. Uning tarkibidagi nitrat kislotasi qon bosimini pasaytirishda foydali. Undagi antioksidantlar, beta-karotin va flavonoidlar tanadagi hujayralar uchun himoyachi vazifasini o‘taydi.