Ayni kunlarda ishchi tashrif bilan Buxoro viloyatida bo‘lib turgan vazir Buxoro tumani hokimligi binosida viloyat va tuman darajasidagi tegishli tashkilotlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda hududiy fermerlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazdi.
Mazkur yig‘ilishda avvalo tizimda vertikal boshqaruvni takomillashtirish, ichki intizomni mustahkamlash, islohotlarga esa mas’uliyat va vijdon bilan yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi. Vazirning “Soha faqat statistik raqamlar bilan emas, balki har bir qarorning daladagi sadosi va har bir oila dasturxonidagi non bilan baholanadi”, degan so‘zlari yig‘ilish mazmun-mohiyatini aniq belgilab berdi.
Muhokamalar chog‘ida malakali kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilib, sohaga yangi avlod mutaxassislarini keng jalb etish, mavjud xodimlarning salohiyatini baholash hamda ular bilan samarali ishlash mexanizmlarini ishlab chiqish lozimligi qayd etildi. Tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar bugunning emas, balki ertaning tayanchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda agrar sohaning ustuvor yo‘nalishlari — hosildorlikni oshirish, innovatsion sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish, klaster va kooperatsiya tizimlarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat dasturlarini samarali bajarish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Har bir masala zamirida esa minglab insonlarning mehnati va hayotiy taqdiri mujassam ekani yana bir bor eslatib o‘tildi.
Vazir intizom masalasiga alohida to‘xtalib, “Agar bugun harakat qilmasak, ertaga kech bo‘ladi”, deya ogohlik chaqirig‘ini ilgari surdi. Har bir rahbar o‘z o‘rnida tashabbus ko‘rsatishi, natija uchun shaxsan mas’ul bo‘lishi kerakligi qat’iy belgilandi. Bugungi kunda ijro intizomi, mas’uliyat va tashabbuskorlik agrar sohada bosh mezon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yig‘ilish doirasida yerda mehnat qilayotgan insonlarning muammolari bevosita tinglandi. Qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan tashkil etilgan sayyor qabulda fermerlar va qishloq joylardagi tadbirkorlar suv taqchilligi, texnika va zarur resurslar yetishmovchiligi kabi dolzarb muammolar bilan yuzma-yuz chiqdi. Shuningdek, ayrim murojaatchilar o‘z shaxsiy hayotlariga oid masalalarni ham ochiq bayon etdilar.
Bu holat bitta haqiqatni ko‘rsatdi: fermer uchun mehnat va hayot bir-biridan ajralmas tushunchalardir. Tizimga ishonch esa faqatgina amaliy yordam ko‘rsatilganida, adolat bevosita namoyon bo‘lganidagina shakllanadi.
Yig‘ilish yakunida tashkil etilgan sayyor qabulda vazir har bir murojaatni e’tibor bilan tinglab, tegishli rahbarlarga muammolarga befarq bo‘lmaslik, ularni ildizi bilan hal qilish va har bir murojaatga individual yondashish zarurligini qat’iy topshiriq tariqasida belgilab berdi.
Zero, qishloq xo‘jaligi sohasidagi bugungi sa’y-harakatlar ertangi farovonlikning poydevorini yaratmoqda. Bu yo‘ldagi har bir qaror, tashabbus va mehnat esa xalqimizning barqaror hayot darajasi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.