Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 509.83 −79.52 EUR 14 520.16 −136.36 RUB 156.55 −1.09

Rossiya hukumati oziq-ovqat narxini SSSR davridagidek qat’iy belgilab qo‘ymoqchimi?

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatdagi eng yirik soha uyushmalaridan ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini cheklashga doir tuzatmalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishni so‘radi. Bu haqda joriy yilning 29 iyul kuni “Kommersant” nashri xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, tegishli maktublar Milliy sut ishlab chiqaruvchilar uyushmasi, Meva-sabzavot ishlab chiqaruvchilar milliy ittifoqi, Parrandachilar milliy ittifoqi hamda Rossiya parrandachilik ittifoqiga yuborilgan.

Nashrning yozishicha, ayni vaqtda Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki xil tartibga solish mexanizmini ko‘rib chiqmoqda.

Birinchi variantga ko‘ra, 2026 yildan boshlab chakana savdo tarmoqlari orqali sotiladigan mahsulotlarning kamida 80 foizi uzoq muddatli, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida fiksatsiyalangan narxlarda bo‘lishi kerak. Ushbu narxlarning yilda bir martadan ortiq qayta ko‘rib chiqilmasligi, shuningdek, narxlar bo‘yicha shartnomani sudgacha bo‘lgan tartibda bekor qilish mumkin emasligi nazarda tutilgan. 2027 yilda bu ko‘rsatkich 85 foizga, 2028 yilda esa 90 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi variantga ko‘ra, mahsulotlarning 80 foizi uchun minimal va maksimal ulgurji narxlar bevosita davlat tomonidan belgilanadi.

“Rossiya hukumati hosil va trillionlik harbiy xarajatlar bilan bog‘liq muammolar tufayli mamlakatni qamrab olgan inflyatsiya o‘sishini sekinlashtirish uchun iqtisodiyotni boshqarish bo‘yicha sovet retseptlariga o‘tishi mumkin”, deya mazkur tashabbusga izoh bergan “The Moscow Times” nashri.

Rossiya hukumati tomonidan tartibga solinishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar sirasiga kartoshka, sabzi, karam, lavlagi, pomidor, piyoz, sut, tuxum, shakar, olma, bodring, kungaboqar yog‘i kiradi. “Kommersant”ga ko‘ra, bu tashabbusga narxlardagi keskin o‘sishlar turtki bo‘lgan. Masalan, joriy yilning may oyida kartoshka narxi 2,5 baravardan ko‘proqqa oshgan, “borshch to‘plami” tarkibidagi sabzavotlar esa yildan yilga 87 foizgacha qimmatlashmoqda.

“Kommersant” manbalariga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan kasaba uyushmalari o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlamayapti. Ularning fikricha, o‘sib borayotgan xarajatlar fonida ulgurji narxlarni belgilab qo‘yish amalda imkonsiz. Yetkazib beruvchilar va savdo tarmoqlari narxlar o‘zgarishini mahsulot tannarxidagi muhim parametrlarga, mintaqaviy farqlarga va boshqa omillarga bog‘lab hisoblash formulasini ishlab chiqishlari mumkin, ammo bu tomonlar o‘rtasidagi kelishuv asosida bo‘lishi kerak, majburiy qonunchilik talabi asosida emas.

“Hozirgi iqtisodiy sharoitda kelasi yil uchun narxlarni hisoblash va belgilash mumkin emas. Mahsulot tannarxiga qonunchilik tashabbuslari, elektr energiyasi, yoqilg‘i, logistika xarajatlari va boshqa omillar sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun qat’iy tarzda davlat tomonidan tartibga solinish ishlab chiqarishning rentabelligiga putur yetkazadi va uni to‘xtatib qo‘yishi mumkin”, deydi Rossiya Milliy go‘sht assotsiatsiyasi vakili Sergey Yushin.

Mazkur o‘zgarishlar “Savdo faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish asoslari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilishi rejalashtirilgan. Ular 2026 yil 1 martdan kuchga kirishi ko‘zda tutilmoqda.