Tuproqda tuzlar tabiiy ravishda mavjud bo‘ladi, ammo ularning miqdori ortib, ildiz atrofida to‘planishi o‘simliklarning oziqlanishini cheklaydi. Tuproqdagi anionlar va kationlar miqdoriga qarab sho‘rlanish ikki turga bo‘linadi:
- Sho‘rlangan tuproqlar — tarkibida 0,3 % dan ortiq suvda eriydigan zararli tuzlar mavjud bo‘lib, ularning o‘simlikka ta’siri suvda eruvchanlik darajasiga bog‘liq.
- Sho‘rtoblangan tuproqlar — singdirish sig‘imining 5 % dan ortig‘ida almashinuvchi natriy va magniy kationlari mavjud bo‘lgan tuproqlar.
Sho‘rlanishning kelib chiqish sabablari
Tabiiy sabablari:
- Quruq va yarim quruq iqlim (O‘zbekiston ham shunday iqlim zonasida joylashgan);
- Tuproq ona jinsida sho‘rlanishga sabab bo‘luvchi anion va kationlarning tabiiy mavjudligi.
Inson faoliyati natijasida:
a) Meliorativ holati yomon, sho‘r zovur yoki sifatsiz artizan suvlar bilan sug‘orish;
b) Sug‘orishni noto‘g‘ri tashkil etish (bostirib sug‘orish sizot suvlarining ko‘tarilishiga olib keladi);
c) Drenaj tizimlarining ishlamasligi;
d) Me’yoridan ortiq mineral o‘g‘it qo‘llash;
e) Chuqur ildizli o‘simlik va daraxtlarning qoplamasini yo‘qotish.
Sho‘rlanish turini aniqlash uchun tuproq namunalarini laboratoriyada anion-kation tarkibi va singdirish sig‘imi bo‘yicha tahlil qilish tavsiya etiladi. O‘zbekiston sharoitida asosan sho‘rlangan tuproqlar keng tarqalgan.
Sho‘rlanishning oldini olish va qarshi kurashish choralar
- Sug‘orishni to‘g‘ri tashkil etish: imkon qadar bostirib sug‘orishdan voz kechib, tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llash.
- Drenaj tizimlarini doimiy ravishda ishlash holatida saqlash.
- Mineral o‘g‘itlarni agrokimyoviy xaritalar asosida, me’yorida berish.
- Tuproqni organik moddalarga boyitish: cover crop ekish, sideratlash, organik chirindi kiritish.
- Fitomeliorativ va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekish (masalan: qizil miya, baliqko‘z, qizilsho‘ra, oqsho‘ra, arpa, qand lavlagi, tritikale).
- Yuqori sho‘rlangan maydonlarda suvda eriydigan tuzlarni kamaytirish uchun gips qo‘llash (100 m² uchun taxminan 150 kg).
- Biochar va kompost kiritish.
- Sho‘r yuvish ishlarini olib borish.