Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 509.83 −79.52 EUR 14 520.16 −136.36 RUB 156.55 −1.09

Avgust piyozini yetishtirish bo‘yicha tavsiya

Ushbu ekin urug‘larini ekish uchun tekislangan maydonlarga fosfor hamda kaliy o‘g‘itlari maxsus moslamalar yordamida sepib chiqib, bu maydonlarni «PN-3-35» rusumli plug bilan 28-30 sm chuqurlikda haydash, agar maydon sho‘rlangan yoki yovvoyi o‘tlari ko‘p bo‘lsa 35-38 sm chuqurlikda haydash tavsiya qilinadi.Ekish uchun piyozning mahalliy “Oq dur”, “Sumbula”, “Bahoroy”, “Hamal”, chet elning “Sibir”, “Aldoba” nav va duragaylari tavsiya etiladi.

Piyoz urug‘lari erta-kuzgi muddatda janubiy mintaqalarda 5-avgust – 5-sentabr, markaziy mintaqalarda 15-avgust – 15-sentabr, shimoliy mintaqalarda 30-avgust – 30-sentabr oralig‘ida ekiladi. Piyoz urug‘i gektariga 12-15 kg me’yorida sarflanadi.

Piyoz o‘simligi popuk ildizli sabzavot bo‘lib, ildiz tizimi asosan tuproqning ustki qismiga yaqin joylashgan. Shuning uchun u yerning ustki qismida asosiy ozuqa elementlarni ko‘p bo‘lishini talab qiladi.

Yuqori unumdor yerlarga o‘rtacha sof holda 250 kg azot, 200 kg fosfor, 80 kg kaliy, o‘rtacha unumdor yerlarga o‘rtacha 300 kg azot, 220 kg fosfor va 90 kg kaliy va unumdorligi past bo‘lgan maydonlarga 320 kg azot, 220 kg fosfor va 100 kg kaliy berish kerak.

Piyoz ekilishi bilanoq ketma-ket sug‘oriladi. Urug‘ni qiyg‘os undirib olish uchun urug‘ suvi beriladi. Bunda suv jildiratib oqizilib marzaning tepasi qorayguncha to‘xtatilmaydi. Shunda tuproq bir tekis namiqib urug‘ning yoppasiga ko‘karishi uchun sharoit yaratiladi. O‘simlik yaxshi ildiz otib o‘zini obdon o‘nglab olgunicha (kech kuzgacha) suvdan qoldirmaydi.