Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 509.83 −79.52 EUR 14 520.16 −136.36 RUB 156.55 −1.09

UNFSS+4: O‘zbekistonning agrar siyosati xalqaro e’tiborda

Efiopiyaning Addis-Abeba shahrida o‘tayotgan BMT Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha Ikkinchi sammiti (UNFSS+4) doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi qator yuqori darajadagi uchrashuvlar va sessiyalarda faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) prezidenti Alvaro Lario bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekistonda IFAD ishtirokidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Alvaro Lario mazkur tashabbuslarning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan samaradorligini alohida e’tirof etdi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, vazir “Murakkab sharoitlarda transformatsiya” mavzusida o‘tkazilgan yuqori darajadagi sessiyada ishtirok etdi. Tadbir BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP), UNICEF va HDP Nexus koalitsiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Sessiyada oziq-ovqat tizimlarini barqarorlashtirish, qisqa muddatli yordamdan uzoq muddatli strategik yechimlarga o‘tish, shuningdek, innovatsion investitsiyalarni jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan agrar islohotlar, jumladan, yer munosabatlarini liberallashtirish, resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ilmiy yondashuv asosidagi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tajribasi xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.