Isiriqni tanimaydigan odam deyarli topilmasa kerak. Ammo uning shifobaxsh, ayniqsa tibbiy xususiyatlarini to‘liq biladiganlar uncha ko‘p emas. Shu bois bugungi mavzuni isiriq o‘simligining foydali jihatlari va xalq tabobatidagi o‘rniga bag‘ishladik.
Isiriq o‘simligining biologik tavsifi
Isiriq — balandligi 30–70 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘simlik hisoblanadi.
Poyasi bir nechta bo‘lib, tukli va yon tomonga yoyilib o‘sadi. Gullari oq-sarg‘ish rangda bo‘lib, poyada yakka-yakka joylashadi. Mevasi sharsimon, ko‘p urug‘li bo‘ladi. Isiriq erta bahordan o‘sishni boshlaydi.
Tarkibi va tabobatdagi ahamiyati
Isiriq xalq tabobatida “tabiat gavharlaridan biri” sifatida e’tirof etiladi. Uning keng qo‘llanilishiga sabab — boy kimyoviy tarkibidir. O‘simlik tarkibida:
- alkaloidlar
- peganol, peganidin
- garmin, garmalin
- efir moylari
- oshlovchi moddalar mavjud
Masalan, garmin moddasi asab tizimini tinchlantiradi, bosh miya yallig‘lanishidan keyingi qaltirash holatlarida va uxlatuvchi vosita sifatida qo‘llanilgan.
Isiriqning foydali jihatlari
- Isiriqdan foydalanish mumkin bo‘lgan holatlar juda ko‘p. Ulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz:
- Isiriq o‘tini kuydirib, hidlansa bosh og‘rig‘i kamayadi;
- Isiriq urug‘i qaynatmasi nafas qisishi holatlarida zig‘ir urug‘i bilan aralashtirib ichilsa foyda beradi;
- Isiriqning shonalash davrida olingan o‘ti va urug‘lari davolashda eng samarali hisoblanadi;
- Tinchlantiruvchi vosita sifatida qo‘llanib, uyqusizlikka yaxshi ta’sir ko‘rsatadi;
- O‘simlik shirasi yoki qaynatmasi bilan yuz yuvish katarakta holatlarida foydali sanaladi;
- Uy-joylarni dezinfeksiya qilish uchun isiriqni tutatish mumkin;
- Isiriqning sut shirasi tibbiy paxtaga shimdirilib, qichishayotgan joyga 10 kun davomida surtilsa, samara beradi;
- Yurak faoliyatini yaxshilash uchun isiriq urug‘i, sedana, kamfora, murch, petrushka, qora zira va za’faron teng miqdorda aralashtirilib, asal yoki shakar bilan kuniga bir mahal iste’mol qilinadi;
Ich dam bo‘lganda isiriq, petrushka urug‘i, yalpiz va zanjabil aralashmasi shifo beradi.