Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Quvayt Davlatining «Jameia dot com food stores company» kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi.
Kelishuv doirasida Oʻzbekiston hududida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Quvayt hamda boshqa Fors koʻrfazi davlatlari bozorlariga zamonaviy, ilgʻor raqamli savdo kanallari orqali yetkazib berish imkoniyati yaratilmoqda.
Xususan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari «Jameia dot com food stores company» kompaniyasining onlayn savdo platformasi orqali butun Koʻrfaz mintaqasida isteʼmolchilarga taklif etiladi.
Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekiston mahsulotlarini xorijiy bozorlarda faol targʻib qilish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda fermerlar va tadbirkorlar uchun yangi savdo yoʻlaklarini ochishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, milliy mahsulotlarimiz raqamli savdo tizimlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchiga yetib borishi eksport samaradorligini yanada oshiradi.
Taʼkidlash joiz, «Jameia dot com food stores company» Quvaytda faoliyat yurituvchi zamonaviy oziq-ovqat savdo kompaniyasi boʻlib, raqamli savdo yechimlari, samarali logistika tizimi va Fors koʻrfazi mamlakatlarini qamrab olgan yetkazib berish tarmogʻi bilan ajralib turadi.
Kompaniya mintaqada onlayn savdoni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda.
Manba: Yuz.uz