Bugun Poytaxtimizdagi “Anhor” bog‘ida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Asal bayrami” ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi vakillari, respublikaning barcha hududlaridan 400 dan ortiq asal va asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, 1 500 ga yaqin ekspert va soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mazkur ko‘rgazma-yarmarka asal yetishtirish tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda sifatli mahsulotlar taklifini kengaytirish, shuningdek, aholiga tabiiy va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida tashkil etilgan.
Ko‘rgazma doirasida asalning turli navlari, asalarichilik mahsulotlari, sog‘lom ovqatlanishga oid mahsulotlar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning oziq-ovqat mahsulotlari hamyonbop narxlarda savdoga qo‘yilmoqda. Tashrif buyuruvchilar uchun mahsulotlarning sifati, kelib chiqishi va iste’mol xossalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbir davomida asal yetishtirish yo‘nalishida ilmiy-amaliy seminarlar, konsultativ uchrashuvlar, degustatsiyalar hamda ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida tajriba almashish sessiyalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Aytish kerakki, “Asal bayrami” yarmarkasi nafaqat sifatli mahsulotlarni xarid qilish imkonini yaratadi, balki sohani rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va asalarichilik tarmog‘ida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.