Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 003.18 +13.09 EUR 13 987.31 +12.86 RUB 156.68 −1.27

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oʻttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish, «Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!» degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan maʼnaviy-maʼrifiy hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida qaror qilaman:

1. Quyidagilar:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Tashkiliy qoʻmita (A.Aripov):

a) Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq

va ovullarda koʻtarinki ruhda nishonlanishini;

b) barcha hududlarda aholining keng qatlamlari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va sanʼat arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasin.

3. Joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlik ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

a) yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda oʻz aksini topayotganini koʻrsatib berish;

b) yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashdagi oʻrni va rolini yoritish;

v) “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga oʻtilganligini ochib berish;

g) yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning tadbirkorlik va xususiy mulkning ishonchli himoyasini taʼminlashsogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish boʻyicha yangidan-yangi yutuqlar va natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib berganini keng jamoatchilikka tushuntirish;

d) nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targʻib qilish;

j) Konstitutsiya bayrami arafasida umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida barcha oʻquvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini, shu jumladan, atoqli huquqshunoslar, olimlar, sud, adliya va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari rahbar va xodimlari ishtirokida oʻtkazish.

4. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari, vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan;

b) Toshkent shahrida – Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining va Toshkent shahar hokimligining zaxira jamgʻarmalari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

6. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2025-yil 21-noyabr