Toshkentda “AgroExpo Uzbekistan 2025” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Joriy yilning 26–28-noyabr kunlari poytaxtimizda “Uzexpocentre” majmuasida “AgroExpo Uzbekistan 2025” xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Mazkur an’anaviy ko‘rgazma O‘zbekistonning agrar tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, suvni tejovchi uskunalarni targ‘ib qilish, shuningdek hosildorlik va qayta ishlash sohasidagi innovatsion yechimlarni namoyish etish maqsadida tashkil etilmoqda.
Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston bilan bir qatorda Germaniya, Turkiya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Isroil hamda qo’shni davlatlardan yuzlab kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda. Ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi texnikasi, issiqxona uskunalari, o‘simlik yetishtirish, chorvachilik, qayta ishlash va sovutkichli ombor tizimlari bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar taqdim etiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “AgroExpo Uzbekistan 2025” ko‘rgazmasi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish hamda agrar sohada innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘rgazma doirasida amaliy seminarlar, biznes-forumlar va mahsulot taqdimotlari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.