So‘nggi yillarda O‘zbekiston bozorida ham, xorijiy importchilar orasida ham «Red Delishes» va «Gala» navli olmalarga bo‘lgan talab keskin ortib bormoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu navlar nafaqat ko‘rkam tashqi ko‘rinishi, balki uzoq saqlanish imkoniyati va shirin ta’mi bilan ham alohida ajralib turadi. Ayniqsa, eksport uchun mo‘ljallangan hosilni uzoq masofaga yetkazishda “Red Delishes” navi juda qulay hisoblanadi.
Samarqand, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida bu yil mazkur navlar yetishtirilayotgan maydonlar 30 foizga kengaygan. Fermerlar zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etgani sababli hosildorlik ham o‘smoqda.
Bozor tahlillariga ko‘ra, ichki savdoda ham “Gala” va “Red Delishes” navlariga bo‘lgan talab yoz oylarida 1,5 barobar oshgan. Iste’molchilar bu navlarning shirinligi va uzoq saqlanishi sababli ularni afzal ko‘rishmoqda.
Vazirlik mutaxassislari ta’kidlaganidek, kelgusi mavsumda ushbu navlarni yetishtirish maydonlarini yana kengaytirish, eksport uchun maxsus sovutgich omborlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.