Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 003.18 +13.09 EUR 13 987.31 +12.86 RUB 156.68 −1.27

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sovuq havodan saqlash uchun nimalar qilish kerak

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatga sovuq havo oqimlari kirib kelishi tufayli ekin hamda o‘simliklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan asrash va sovuq kunlardan betalafot o‘tish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.

Vazirlikka ko‘ra, yetishtirilayotgan ekin hamda o‘simliklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan asrashda quyidagilarga amal qilish tavsiya etiladi:

  • O‘rab qo‘yish. Daraxtlar va o‘simliklarni sovuq urishi va qordan himoya qilish uchun maxsus materiallar (mato, plyonka, kraft-qog‘oz, spanbond) bilan yopish zarur. Bu gullaydigan kurtaklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan saqlab qolishga yordam beradi;
  • Ozuqa moddalari bilan sug‘orish. Sovuq havo massasi kirib kelishidan oldin daraxtlar yetarli darajada namlik va ozuqa olgan bo‘lishiga ishonch hosil qilish kerak. Odatda suvga va foydali moddalarga to‘yingan daraxtlar past haroratlarga ko‘proq chidamliroq bo‘ladi;
  • Mulchalash. Ekinlar ildiz zonasini maxsus ozuqa moddalar bilan qoplash tuproqdagi issiqlik va namlikni saqlab qolishga yordam beradi, bu esa ildizlarni sovuqdan himoya qiladi;
  • Shikastlangan shoxlarni kesib tashlash. Qor og‘irligi ostida ba’zi shoxlarni sinishi yoki sovuq urishi xavfini kamaytirish uchun qurib qolgan yoki shikastlangan novdalarni kesib tashlash mumkin. So‘ng, kesilgan joyni mis sulfatning suvli eritmasi (1 litr suv uchun 1 choy qoshiq modda) bilan ishlov berish kerak;
  • Shamoldan himoya qilish. Imkoniyat bo‘lsa, daraxtlar va o‘simliklar atrofida vaqtinchalik shamol to‘siqlarini yaratish zarur. Bu to‘siqlar ekinlarni yelvizaklardan asrashga yordam beradi.

 Shuningdek, sug‘orish imkoniyati bor xududlarga g‘allani sharbat bilan sug‘orish tavsiya etiladi. Gektariga 150 – 200 kg.dan ammiakli selitra yoki sulfat ammoniy o‘g‘itidan berilishi ham g‘alla maysalarning o‘sish va rivojlanishini tezlatib, ildiz tizimini yaxshi rivojlantiradi va sovuq xaroratdan ximoya qiladi.

Bundan tashqari, qisqa muddatli sovuq kunlar bo‘lib o‘tgandan so‘ng sabzavot ekinlarini “stres” va “shok” xolatdan olib chiqish uchun quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish foyda beradi:

  • o‘simlikni qo‘shimcha oziqlantirishga katta e’tibor qaratish lozim, bunda turli mikroelement, aminokislotalarga boy preparatlar (Viusid, Biotrac singari tarkibida bor elementi mavjud bo‘lgan oziqalar) bilan bargidan oziqlantirish samarali;
  • o‘simlikni o‘sish va rivojlanish jarayonini tezlashtirish maqsadida azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish zarur, bunda tez ta’sir etuvchi (sulfat ammoniya) mineral o‘g‘itlardan foydalanilish zarur;
  • Havo xarorti o‘simlik uchun past bo‘lsa, egat ustini simbag‘az usulida shaffof plenka bilan vaqtnicha yopib turish maqsadga muvofiq;
  • barcha agrotexnik tadbirlarini intensiv usulda, qisqa muddatlarda amalga oshirish zarur, tuproq namligini saqlab turish uchun sug‘orish kerak.