Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 003.18 +13.09 EUR 13 987.31 +12.86 RUB 156.68 −1.27

Sabzi shoxli va qiyshiq bo‘lib yetilmasligi uchun nima qilish kerak?

​Sabzi – o‘ziga yarasha “injiq” sabzavot. U tuproq sifati, namlik va pH muvozanatiga nihoyatda sezgir. Shu sababli, hosildan kutilgan natijaga erishish uchun uning “xarakteri”ni bilish va unga mos muhit yaratish zarur.

Sabzi eng avvalo yumshoq, havoni yaxshi o‘tkazadigan, qumloq yoki engil mexanik tarkibli tuproqda o‘zini erkin his qiladi. Og‘ir, loyli tuproqda esa uning ildizi nafas ololmaydi — natijada ildiz sekin rivojlanadi, ingichka va notekis shakl hosil qiladi.

Agar yerda tosh, ildiz, shox-shabba yoki chirimagan organik qoldiqlar mavjud bo‘lsa, sabzi ildizi bu to‘siqlarni “aylanib o‘tadi”. Natijada u shoxli yoki qing‘ir bo‘lib o‘sadi. Bu holat sabzavotning sifati va bozor qiymatini keskin pasaytiradi.

Xo‘sh, unda qanday yo‘l tutish kerak?

— Kuzda yer haydash jarayonida barcha yot jismlar — tosh, ildiz, chiqindi va organik qoldiqlar tozalab tashlanishi lozim.
— Tuproqni yumshatish uchun unga qum yoki to‘liq chiritilgan go‘ng (kompost) aralashtirish tavsiya etiladi. Bu nafaqat sabzi, balki boshqa ildizmevalar uchun ham qulay muhit yaratadi.

Tuproqning kislotaliligini nazorat qilish

Sabzi nordon (kislotali) tuproqda o‘sishni yoqtirmaydi. Eng maqbul pH darajasi — 5,6–7,0 oralig‘ida bo‘lishi kerak. Nordon muhitda sabzi ildizi ko‘p “dumli” yoki “shoxli” bo‘lib yetiladi — bu esa hosil sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shunday ekan, har 2–3 yilda bir marotaba ohak yoki dolomit uni yordamida yerning nordonligini kamaytirish kerak. Agar bu ish kuzda bajarilmagan bo‘lsa, bahorda — ekishdan kamida bir oy oldin amalga oshirish zarur. Bunda kul, dolomit yoki kalsiy karbonat asosidagi aralashmalar qo‘llaniladi.

 Agrotexnik xatoliklarga e’tibor bering

Sabzi shaklining buzilishi faqatgina estetik muammo emas, balki agrotexnik xatoliklarning belgisidir. Har bir qiyshiq ildiz ortida noto‘g‘ri tayyorlangan tuproq, nazorat qilinmagan nordonlik yoki vaqtida bajarilmagan ishlar yotadi.