Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 003.18 +13.09 EUR 13 987.31 +12.86 RUB 156.68 −1.27

“Agritechnica–2025”: qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt — yangi agrar inqilob sari

Joriy yilning 9–15 noyabr kunlari Germaniyaning Gannover shahrida “Agritechnica–2025” xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Mazkur nufuzli tadbir dunyo agrosanoat sohasi vakillari, ishlab chiqaruvchilari va mutaxassislarini birlashtiradi.

Bu yilgi ko‘rgazmada asosiy e’tibor sun’iy intellekt va raqamli boshqaruv tizimlariga qaratilgan. Zamonaviy texnika, aqlli sensorlar hamda raqamli dasturlar dehqon mehnatini yengillashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Yangi avlod qishloq xo‘jaligi texnikalari endilikda avtonom harakatlanish, ma’lumotlarni sensorlar orqali yig‘ish va sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega.

Xususan, Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi ishlab chiqqan Cosmofield dasturi tuproq namligini kosmik neytronlar orqali aniqlaydi, Germaniyaning Drought Analytics GmbH yaratgan Dürrepilot tizimi sug‘orishni avtomatik rejalashtiradi, Proofminder Servicesning AI Agronomist tizimi dron tasvirlari asosida hosil va zararlanish darajasini aniqlaydi, Lemken firmasining iQblue seriyasi esa texnika holatini real vaqt rejimida kuzatadi.

Mutaxassislar fikricha, raqamli texnologiyalar joriy etilishi nafaqat ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, balki boshqaruv madaniyatini o‘zgartirishga xizmat qilmoqda. Endilikda fermerlar smartfon yoki planshet orqali xo‘jalik faoliyatini to‘liq nazorat qilish, har bir gektar yerning holati haqida aniq raqamli ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Agrar sohada raqamlashuv — bu faqat texnik yangilik emas, balki fikrlashdagi islohot hamdir. Har bir innovatsion yechim amalda samaradorlikni ta’minlashi zarur. Shu jihatdan, “Agritechnica–2025” ko‘rgazmasi qishloq xo‘jaligida yangi agrar inqilob sari dadil qadam sifatida baholanmoqda.

Bugungi kunda sun’iy intellekt va raqamli yechimlar qishloq xo‘jaligida zamonaviylik belgisi emas, balki milliy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omiliga aylanmoqda. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan har bir innovatsiya ertangi agrar sohaning strategik yo‘nalishini belgilovchi qadriyat sifatida e’tirof etilmoqda.