Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 003.18 +13.09 EUR 13 987.31 +12.86 RUB 156.68 −1.27

Loviya – sog‘lom turmush uchun bebaho ne’mat

O‘simlik oqsilga juda boydir. Uni ba’zan, tabiiy go‘shtdan ham ozuqaviyligi yuqori ko‘riladi. Loviya kletchatkaga boy, unda yurak salomatligi uchun foydali kaliy, asab tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan magniy, immunitet tizimining yaxshi ishlashi uchun juda muhim bo‘lgan rux mavjud.

Loviya organizmda sodir bo‘ladigan 300 dan ortiq reaksiyalar, shuningdek, metabolizm uchun muhimdir. Shubhasiz, metabolizm, suyaklarning mustahkamligi va qattiqligiga javobgardir. Sog‘liqqa eng ko‘p foyda keltirishi uchun tavsiya etilgan doza: haftada uch porsiya yoki kuniga yarim piyola iste’mol qilish kerak.

Loviya ekiladigan maydonlar albatta unumdor bo‘lishi kerak, sho‘rlangan, oriq, kislotali, yengil qumoq tuproqlar uning uchun mos emas. Loviya organik va mineral o‘g‘itlarni ko‘p o‘zlashtiradi. Ayniqsa, kaliyli o‘g‘itlar solish hosildorlikni sezilarli darajada oshiradi. Kuzda loviya ekiladigan maydonlarga 90-120 kg fosforli va 8-10 tonna go‘ng solinadi. Ekish bilan birga 30 kg azotli o‘g‘it beriladi.

Nitraginsiz ekilsa, albatta ekish bilan yana 40-45 kg azotli o‘g‘it beriladi. Nitragin bilan bo‘lsa – azotli o‘g‘it berishning hojati yo‘q. Urug‘lari asosan tuproq harorati 14-15°C dan yuqori bo‘lganda ekiladi yoki uni takroriy ekin sifatida ekish ham yaxshi natija beradi. Tuproqda nam yetarli bo‘lsa, urug‘lar takroriy ekilganda 3-4 kunda, bahorda ekilganda 5-6 kunda unib chiqadi.

O‘simlik quyoshli maydonlarga ekilgani ma’qul. Chunki quyosh tik tushib tursa, urug‘ tarkibida oqsil miqdori yuqori bo‘ladi. Ekish uchun urug‘lar yirik, sog‘lom va urug‘chilik talablariga javob berishi kerak. Ekishdan oldin urug‘lar albatta nitragin bilan ishlanib ekilishi kerak. Ekish me’yori mayda urug‘li loviyalarda biroz kamroq 50-55 kg, yirik urug‘li navlarda 90-100 kg bir gektarga sarflanadi.

Urug‘ keng qatorlab 60 yoki 70 sm kenglikda ekiladi. Ekish chuqurligi 4-5 sm bo‘lib, mayda urug‘lar nam yetarli bo‘lgan tuproqlarda 3-4 sm, yirik urug‘lar 5-6 sm chuqurlikka tashlanadi. Qator oralari 2 marta ishlanib, o‘g‘itlar beriladi va birinchi oziqlantirish dastlabki uchtalik barglari hosil bo‘lganda, ikkinchi oziqlantirish gullash fazasining boshlang‘ich davrida o‘tkaziladi.