Elektron pochta: info@agroxabarlari.uz

Kurs UZS USD 12 003.18 +13.09 EUR 13 987.31 +12.86 RUB 156.68 −1.27

Mayin junli qo‘ylar haqida eshitganmisiz?

Mayin junli qo‘ylar – jun qoplami o‘ta zich joylashgan tivit toifasidagi mayin toladan tashkil topgan qo‘ylar guruhi. Mayin junli qo‘ylar qadimdan urchitiladi. Avstraliya, Yevropa, AQSh, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina va boshqa mamlakatlarda boqiladi.

Mayin junli qo‘ylar teri sathining 1 sm2 maydonchasida 4–11 ming jun tolasi joylashgan bo‘lib, o‘rtacha diametri 25 mkm dan oshmaydi. Mayin junli qo‘ylar junining jingalaklari bir me’yorda. Tolaning 1 sm2 uzunligida 6–9 jingalak mavjud. Teri qatlamlaridagi yog‘ va ter bezlari mahsuli bo‘lgan murakkab yog‘-ter aralashmalari jun tolalarini sirtdan qoplab, tashqi muhitning noqulay sharoitlari (harorat, namlik) ta’siridan va ifloslanishidan asraydi. Junining o‘rtacha uzunligi 7–10 sm.

Asosiy jun mahsulotidan tashqari, mayin junli qo‘ylardan go‘sht ham olinadi. Shunga ko‘ra, ular 3 guruhga:

– jundor (Ozarbayjon tog‘ merinosi, Stavropol zotlari);

– jun, go‘sht (Askaniya, Oltoy, Kavkaz);

– go‘sht-jun yo‘nalishidagi (arxaromerinoslar) zotlarga bo‘linadi.

Mayin junli qo‘ylar 1 kg tirik vazni hisobiga 50–70 gramm va undan ham ortiqroq jun tola berishi bilan boshqa guruhlardan ustunlik qiladi, lekin jussasi maydaroq. Sovliqlarining tirik vazni 45–50 kg, qo‘chqorlarniki 80–90 kg. Bir ona qo‘ydan kamida 2,5–3,0 kg sof jun tolasi olish mumkin. XIX asrning 70–80-yillari va XX asr boshlari va o‘rtalarida mayin junli qo‘ylar O‘zbekiston hududiga ham keltirilgan. Toshkent, Jizzax va boshqa viloyatlar xo‘jaliklarida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari va kuzatishlar natijasida respublikada yarim mayin junli qo‘ychilik tarmog‘ining paydo bo‘lishi va shakllanishi birmuncha jadallashdi.