2025-yil hosilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida yetishtirilishi kutilgan paxta xomashyosi fyuchers va forvard shartnomalarini tuzish orqali sotilgan va yetishtirilgan mahsulotni topshirilishi amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, yetkazib berilishi rejalashtirilgan hajmdan ortiqcha yetishtirilgan mahsulot vaqtincha saqlashga qo‘yilib, spot shartnomalarini tuzish orqali sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirda, kelib tushgan murojaatlarni qanoatlantirgan holda, Qishloq xo‘jaligi vazirligining “CropAgro” axborot tizimi yordamida ma’lumotlarni shakllantirish va birjada qo‘shimcha tarzda forvard shartnomalarini tuzish imkoniyatlari yaratildi.
Buning uchun quyidagi bosqichlar amalga oshiriladi:
1. Fermer https://cabinet-crop.agro.uz manziliga elektron raqamli imzodan foydalangan holda o‘zining shaxsiy kabinetiga kiradi va “Kutilayotgan hosildorlik bo‘yicha qo‘shimcha forvard shartnomalarini tuzish” tugmasini bosadi.
2. Kutilayotgan hosildorlikni kiritadi, bunda birjada yuboriladigan ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllanadi.
3. Saqlash tugmasi bosiladi va savdoni amalga oshirish uchun hududdagi brokerlarga murojaat qilinadi.
Birjada tuzilgan shartnomalarni yuklab olish mumkin, shuningdek, mazkur shartnomalar foydalanuvchining kabinetida saqlanadi va ular bo‘yicha mahsulotni topshirish uchun “Hosil qabuli” va “AgroTarozi” axborot tizimlariga yuboriladi.