Buxoro – qadimiy tarix, barakali tuproq va mehnatsevar xalq yurti bugun yana bir bor yurtimizning agrar qadriyatlariga sodiqligini namoyon etmoqda. Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan bu yerda XXVIII “Qovun sayli” bayrami tantanali tarzda boshlandi.
Mazkur an’anaviy festivalga viloyatning barcha hududlaridan bobodehqonlar eng sara qovun navlari va boshqa poliz mahsulotlari bilan tashrif buyurdi. Dehqonlar tomonidan yetishtirilgan hosil – nafaqat mehnat samarasi, balki tabiatga bo‘lgan mehr va e’tiborning ifodasidir.
Festival tantanasi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning kirish so‘zi bilan ochilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etdi.
Vazir o‘z nutqida, «Qovun sayli” — bu shunchaki mahsulotlar ko‘rgazmasi emas, bu yurtimizda amalga oshirilayotgan agrar islohotlarning samarasi, halol mehnat bayrami ekani, aynan mana shunday an’anaviy tadbirlar orqali biz qishloq xo‘jaligimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni, fermerlarimiz va dehqonlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni amalda ko‘rishimiz mumkinligini qayd etdi.
Festival doirasida eng sara qovun navlari namoyish etilib, bobodehqonlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Tadbir yoshlar uchun ham ilhom manbaiga aylangan, zero ularning qishloq xo‘jaligiga bo‘lgan qiziqishi, yangi texnologiyalarni o‘rganishga intilishi tobora ortib bormoqda.
Festival davomida viloyatning san’at ustalari, folklor jamoalari ishtirokidagi konsert dasturlari aholi kayfiyatini yanada ko‘tarib, qovun hidi anqigan Buxoro osmonida bayramona ruh taralmoqda.
Albatta, “Qovun sayli” – bu o‘z kasbiga sadoqatli insonlar uchun qadrlov, elga xizmat qilish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan dehqonlar uchun esa chinakam e’tirofdir.